Toʻgaraklar va darsdan tashqari mashgʻulotlar
TDSHU huzuridagi Konfutsiy instituti — bu nafaqat xitoy tilini oʻrganish joyi, balki talabalarning har tomonlama rivojlanish maydoni hamdir.
Bizda turli toʻgaraklar va madaniy faoliyatlar muntazam tashkil etilib, oʻquv jarayonini yanada boyitadi.
"Xitoy raqslari" toʻgaragi
Mazkur toʻgarak ishtirokchilarga raqs sanʼati orqali Xitoy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Mashgʻulotlarni Xitoy raqs sanʼatining nozik jihatlarini puxta oʻzlashtirgan tajribali oʻqituvchilar olib boradilar. Ishtirokchilar ritmni his etish, harakatlar uygʻunligini rivojlantirish, shuningdek, Konfutsiy instituti tomonidan oʻtkaziladigan turli madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniga ega boʻladilar.
"Xitoy kaligrafiyasi" toʻgaragi
Xitoy kaligrafiyasi — bu oddiy yozuv emas, balki chiziqlar estetikasi, diqqat, sabr va ruhiy osoyishtalikni birlashtirgan yuksak sanʼatdir. Dars jarayonida ishtirokchilar moʻyqalam bilan yozish asoslarini oʻrganadilar, klassik iyeroglif yozish uslublarini egallaydilar va har bir chiziqdagi uygʻunlikni his eta olish koʻnikmasini shakllantiradilar. Kaligrafiya insonda badiiy didni, diqqatni jamlash va sabr-toqatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sport toʻgaraklari
Konfutsiy instituti har shanba kuni talabalar uchun sport mashgʻulotlarini tashkil etadi. Mashgʻulotlar quyidagi yoʻnalishlarda olib boriladi: voleybol, basketbol, stol tennisi, mini-futbol, badminton, shaxmat va shashka. Sport toʻgaraklari sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, jamoaviy ruhni mustahkamlash va boʻsh vaqtni foydali oʻtkazish imkonini beradi.